
O‘zbekistonda go‘sht yana qimmatlasha boshladi. Bunga logistikadagi muammolar sababmi?
Oxirgi haftada 1 kg mol go‘shtining ulgurji minimal narxi 7 foizga ko‘tarildi. Bu ta’minot zanjiridagi uzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, Rossiyaning bir qator hududlarida qoramollar orasida xavfli infeksiya tarqaldi. Natijada Qozog‘iston hukumati ushbu mamlakatdan tirik chorva, go‘sht mahsulotlari, shuningdek, issiqlik ishlovi berilmagan ozuqa va yem qo‘shimchalarini olib kirish hamda tranzit qilishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, Kobul va rasmiy Islomobod o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat fonida Pokistondan Afg‘oniston orqali go‘sht kirib kelishida ham muammolar kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining qimmatlashgani aholining kundalik xarajatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti. Ayniqsa mol go‘shti bahosining tez-tez o‘zgarishi nafaqat iste’molchilar, balki oziq-ovqat xavfsizligi, inflatsiya va agrar siyosat samaradorligi masalalarini ham kun tartibiga olib chiqadi.
So‘nggi haftalarda narxlar yana beqarorlasha boshlagan. Iqtisodiyot va moliya vazirligining qayd etishicha, 17mart kuni Eski Juva dehqon bozorida 1 kg mol go‘shtining ulgurji minimal narxi 70 ming so‘mdan, maksimal narxi 105 ming so‘mdan sotilgan. 24 mart holatida esa minimal narxi 75 ming so‘mgacha, maksimal narxi 108 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni bir hafta ichida mol go‘shtining ulgurji minimal bahosi 7 foizga, maksimal bahosi esa 2,8 foizga oshgan.
Rossiyada qoramollarning kasallanishi
Rossiyaning bir qator hududlarida, xususan, Sibirning Novosibirsk viloyati, Oltoy o‘lkasi va Shimoliy Kavkaz mintaqasida qoramollar o‘rtasida xavfli quturish va pasterellyoz infeksiyasi tarqaldi. Buning oqibatida mamlakatning o‘zida kasallangan mollar ommaviy tarzda izolyatsiya qilinib, yo‘q qilinyapti. Ayrim hududlarda karantin joriy etilgan: sut va go‘sht sotish taqiqlangan, kirish-chiqish cheklangan. Ushbu favqulodda vaziyat fonida Qozog‘iston hukumati ham kasallik kirib kelishining oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘ra boshladi. 2026 yil fevral oyidan boshlab bosqichma-bosqich joriy qilingan cheklovlar 19 martdan boshlab qat’iylashtirildi. Jumladan, Rossiyaning zararlangan hududlaridan tirik chorva, go‘sht mahsulotlari, shuningdek, issiqlik ishlovi berilmagan ozuqa va yem qo‘shimchalarini olib kirish hamda Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilish vaqtincha to‘xtatildi. Asosiy yo‘lning yopilishi esa butun Markaziy Osiyo logistikasini o‘zgartirib yuboradi. Rossiyadan quruqlik orqali eksport qilinadigan xomashyo, chorva va ozuqa oqimining to‘xtashi mintaqadagi ichki taklifni qisqartiradi. Bu esa go‘sht narxlariga bosim o‘tkazishni boshlagan bo‘lishi mumkin.
Epizootik vaziyatning yomonlashishi ortidan Qirg‘iziston ham qo‘shimcha veterinariya-sanitariya choralar joriy etdi. Mamlakatga chorva mollari olib kirish ustidan nazorat kuchaytirilgan. O‘zbekiston hukumati ham bu borada qanaqadir cheklovlar qo‘llayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Go‘sht yetishtirish va import
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda tirik vaznda 2 mln 987 ming tonna go‘sht yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 1,5 foizga ko‘p. Xususan, go‘sht yetishtirish 2024 yilda 2 mln 942 ming tonnani (+3,9 foiz), 2023 yilda 2 mln 833 ming tonnani (+3,9 foiz), 2022 yilda esa 2 mln 726 ming tonnani (+3,4 foiz) tashkil etgan.
Shu bilan birga, yildan yilga import hajmi ham oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga 156,9 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilingan. Shundan 120,9 mln dollarlik mahsulot (qariyb 25,8 ming tonna) qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 49 foizga, qiymat jihatdan esa 80,5 foizga oshgan. 1 kg import mol go‘shtining o‘rtacha bahosi 4,67 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning dastlabki ikki oyida mazkur ko‘rsatkich 3,94 dollarga teng bo‘lgan.
manba: kun.uz
You may also like
Calendar
| M | T | W | T | F | S | S |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | ||
| 6 | 7 | 8 | 9 | 10 | 11 | 12 |
| 13 | 14 | 15 | 16 | 17 | 18 | 19 |
| 20 | 21 | 22 | 23 | 24 | 25 | 26 |
| 27 | 28 | 29 | 30 | |||

Leave a Reply